«Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari» tashkil etiladi

Фото: Мухаммад Амин / УзА

Ayollarning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash uchun biznes-inkubator shaklidagi «Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari» tashkil etiladi.
Prezidentning 7 martdagi otin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarori bilan nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega bo‘lgan «Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari» tashkil etiladi.

Hujjatda quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari etib belgilash taklif etilmoqda:

·       Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda uzoq muddat bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar bo‘yicha qayta tayyorlash va ularning ishga joylashishiga ko‘maklashish;

·       tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollarni markazlarga jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish;

·       ayollarning o‘z biznesini tashkil etish va yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes g‘oyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish, shu jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini tanlash va qo‘llash, buxgalteriya hisobini yuritish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;

·       zarur hollarda, faoliyatini boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga mahallalardagi bo‘sh turgan binolardan joy ajratilishiga ko‘maklashish;

·       tadbirkor ayollarga va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etishda zarur maslahatlar berish va amaliy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, ishonchli hamkorlarni topish, minitexnologiyalar va uskunalar sotib olishda ko‘maklashish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga ko‘maklashish;

·       norasmiy faoliyat yuritayotgan hunarmand ayollarga ro‘yxatdan o‘tish, «Hunarmand» uyushmasiga a’zo bo‘lish orqali soliqlar va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanishda hamda imtiyozli kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatish.

Markazlar biznes-inkubator shaklida xotin-qizlarning tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyatini, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan tashkil etiladi.

Markazlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va asosiy vazifalari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga tijorat banklariga imtiyozli kredit ajratish uchun berilgan resurslardan hisoblangan foizdan kelib tushgan mablag‘lar (bank marjasidan tashqari) hamda xalqaro tashkilotlar grantlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlar tuman (shahar) hokimi va tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxat asosida maxsus o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘qitiladi.

Maxsus o‘qitish dasturlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan xotin-qizlar orasidan tegishli tuman (shahar) Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tavsiyasiga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga 6 oylik imtiyozli davr va yillik 8 foiz stavkada imtiyozli kreditlar hududlarda aholi bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishni kreditlash tartiblari asosida ajratiladi.

Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tijorat banklariga har yili ajratiladigan 100 milliard so‘m resurs mablag‘lari ushbu imtiyozli kredit mablag‘larining manbasi etib hisoblanadi.

Mazkur resurs mablag‘larining kamida 50 foizi qishloq joylarida istiqomat qiladigan xotin-qizlarning biznesini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Manba: GAZETA.UZ

Ushbu sayt Yevropa Ittifoqi ko'magida Frantsiyaning texnik hamkorlik va rivojlanish agentligi ACTED bilan qo'shma loyihada yaratilgan. Ushbu sayt mazmuni "Ayollarning O'zbekistonda huquqlarini himoya qilish va mehnat faolligini oshirish orqali ularning rolini kuchaytirish" loyihasi uchun javobgar emas. Ushbu saytda bildirilgan fikrlar Yevropa Komissiyasi va ACTEDning nuqtai nazarini aks ettirishini bildirmaydi.